Prezidentning “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni imzolandi. Farmon matni Gazeta.uzda mavjud.

Hujjat bilan, hukumatga bo‘ysunadigan vazirlik va mustaqil maqomga ega idoralar soni jami 26 ta etib belgilanmoqda.

Xususan, ular tarkibiga kirgan barcha qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan birga jami 69 tani tashkil etadi. Shundan:

  • vazirliklar — 21 ta;
  • qo‘mitalar — 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;
  • agentliklar — 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;
  • inspeksiyalar — 11 ta.

Vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida tarkibiy bo‘linmalar faqat 4 ta shakldan iborat bo‘ladi: departament 20+; boshqarma 7−19; bo‘lim 2−6; mutaxassislar.

Bunda, vazirliklar huzuridagi qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarda departament shaklida tarkibiy tuzilma tashkil qilinmaydi.

Shuningdek, rahbar xodimlar va ijrochilar nisbati markaziy apparat bo‘yicha kamida 1/3 nisbatda (33/67%) bo‘ladi.

Vazirlik va idoralarda budjet va nobudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari umumiy songa nisbatan 24%ga qisqartirilmoqda.

Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30%ga qisqartirilmoqda.

Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda. Vazirlik va idoralarning nobudjet mablag‘laridan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qat’iy taqiqlanmoqda.

Vazirlarga ularning faoliyatini strategik vazifalarni hal etishga yo‘naltirish, kunlik ishlar bo‘yicha ish yuklamasini kamaytirish maqsadida ular faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahlil jihatdan ta’minlaydigan Vazir kotibiyati tashkil qilishga huquq berilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, 703 ta avtotransport vositalari va 10 ta binolar bo‘shamoqda.

Vazirlik va idoralarda shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trln so‘m tejab qolinadi. Xizmat mashinalaridan esa 70 mlrd so‘m tejalishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, quyidagi masalalar bo‘yicha chora tadbirlar belgilanmoqda:

  • sohalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga yechim topishga yo‘naltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar;
  • tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;
  • tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini joriy qilish, 2023 yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish;
  • tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
  • sohaga AKTni keng joriy etish, vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;
  • energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish va boshqalar.

2022-yil yakunida prezidentning tegishli farmoni bilan bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirilgandi.