Moliya vazirligi 2024-yildan boshlab “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash milliy jamg‘armasi” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqdi, deb yozadi “Tengrinews” nashri.

Loyiha doirasida jamg‘arma hisob raqamlari bola tug‘ilgandan so‘ng avtomatik tarzda ochiladi, deydi Qozog‘iston moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekov.

Shaxsiy hisobvaraqlar uchun mablag‘lar Qozog‘iston Milliy jamg‘armasi, 2001-yildan buyon mavjud bo‘lgan va tovar-xomashyo sektoridan to‘ldiriladigan davlat fondidan tushadi.

Avtomatik hisobvaraq ochish uchun Adliya vazirligining ma’lumotlar bazasidan foydalaniladi. Hisobni to‘ldirish har yili 1-yanvarda, bola 18 yoshga to‘lgunga qadar amalga oshiriladi.

Hisobdan pul mablag‘larini faqat voyaga yetganidan keyin ishlatish mumkin bo‘lib, hisobdagi mablag‘lar soliqdan ozod etiladi.

Shuningdek, to‘lovlar dollarda va faqat maqsadli ehtiyojlar — ta’lim yoki uy-joy sotib olish uchun amalga oshiriladi.

“Shu bilan birga, xorijiy ta’lim muassasasida ta’lim olish uchun to‘lovni amalga oshirishga mablag‘lardan foydalanishni cheklamaslik ko‘zda tutilgan. Uy-joy sotib olish uchun esa faqat Qozog‘iston hududida ruxsat etiladi”, — dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Qo‘shimcha qilinishicha, shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘lar hisobidan sotib olingan uy-joylarni qayta sotish bo‘yicha cheklovlar bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, fuqaro 18 yoshga to‘lgach, hisobdagi mablag‘lar 5−10 yil davomida saqlanadi.

Agar ular talab qilinmasa, pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etiladi. Bundan tashqari, bu mablag‘lar meros qilib qoldirilishi ham mumkin.

Agar 18 yoshga to‘lmagan egasi fuqaroligini o‘zgartirgan bo‘lsa, mablag‘ni yo‘qotishi mumkin. Fuqarolikni saqlab qolgan holda boshqa davlatga ko‘chib o‘tishda to‘lov huquqi saqlanib qolinadi.

Avvalroq Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Kuantirov “Bolalar milliy jamg‘armasi” dasturi doirasida ochilgan hisobvaraqlar bo‘yicha sarmoyaviy daromad Milliy jamg‘armaning bir necha yillardagi o‘rtacha daromadi sifatida belgilanishini ta’kidlagan.