Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan to‘g‘ri foydalanishni ta’minlashga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, xalqaro moliya institutlarining $7,8 mln miqdoridagi grant mablag‘idan 2023-yilda quyidagi choralar ko‘riladi:

  • yillik quvvati 10 ming tonna bo‘lgan mayda shoxli mollar uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil qilish;
  • chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasini tashkil qilish;
  • qorako‘lchilik-naslchilik xo‘jaliklarida 500 ming bosh mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish.

Shuningdek, don yetishtirish uchun 800 gektar yaylov o‘zlashtiriladi.

500 gektar yaylovda quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yerosti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha namunaviy pilot loyihasi amalga oshiriladi.

1-avgustgacha ijaraga berilgan yaylov yer maydonlari (o‘rmon fondi yerlari bundan mustasno) xatlovdan o‘tkazilib, yaylovlardan foydalanishning holati hamda shartnoma talablari bajarilganligi o‘rganiladi.

Yaylov yer maydonlaridan maqsadsiz foydalangan holatlar yuzasidan choralar ko‘riladi hamda yaylov yer maydonlarining elektron hisobini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.

Farmon bilan, 1-sentabrgacha yangi tahrirdagi “Yaylovlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

Avvalroq, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilgandi.