Yaponiyaning “NEC” kompaniyasi O‘zbekistonda telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishi mumkin.

Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov hamda korporatsiyaning Bosh direktor o‘rinbosari Akihiko Kumagai bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.

Unda “O‘zbektelekom” va “NEC” o‘rtasida telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.

Xususan, “NEC” yapon kompaniyalari bilan hamkorlikda ma’lumotlarni qayta ishlash markazi loyihasiga to‘xtab o‘tildi hamda tomonlar loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha fikrlar almashdi.

“NEC” kompaniyasi O‘zbekistonda Internet tarmoqlarini barqaror o‘sishini inobatga olgan holda “O‘zbektelekom"ning yangi tarmoqlari va qo‘shimcha Internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Kompaniya mamlakatda mavjud bo‘lgan 600 Gbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga ega magistral telekommunikatsiya transport tarmoqlarini 2025-yildan boshlab 2000 Gbit/s hajmgacha ko‘paytirish taklifini berdi.