Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki yanvar oyida dunyodagi yagona yirik oltin sotuvchiga aylandi.

Yil boshida regulyator xorijga 12 tonna qimmatbaho metal sotgan. Bu noyabr oyidagi eksport ko‘rsatkichidan olti baravar ko‘p va 2022-yilning birinchi choragidagi umumiy sotuvning deyarli yarmini tashkil etadi.

Umuman olganda, o‘tgan oyda jahon markaziy banklari rasmiy oltin zaxiralarini 31 tonnaga oshirdi. Qimmatbaho metal zaxiralarini 23 tonnaga to‘ldirgan Turkiya Markaziy banki eng yirik xaridor bo‘ldi.

Shuningdek, Xitoy Xalq banki ko‘rsatkichi 15 tonnaga, Qozog‘iston Milliy banki esa 4 tonnaga yetdi.

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekiston eksport tushumining yarmidan ko‘pini oltin tashkil etgan. Sotuv hajmi $1,18 mlrd.ni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan jami eksport hajmining 45%ga o‘sishida asosiy omil bo‘lgan.

Bundan tashqari, Markaziy bank ma’lumotlarida oltin zahiralarining tonnaji oyiga 9,3 tonnaga kamayganligi ham qayd etilgan. Shu bilan birga, u qiymat rekordlarini yangilashda davom etmoqda — fevral oyi boshida uning bahosi $23,55 mlrd.ni yoki umumiy xalqaro zaxiralarning deyarli uchdan ikki qismini tashkil etdi.

Yanvar oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $174 mlnlik o‘sish bilan qariyb $36 mlrdga yetdi.

O‘tgan yili dunyo mamlakatlarining markaziy banklari qo‘shimcha 1136 tonna qimmatbaho metal yoki taxminan $70 mlrd ekvivalentini sotib olgan. Bu davrda Turkiya Markaziy banki 148 tonna oltin xaridi bilan yetakchilik qildi.