Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida “IT Park"ning yangi filiali ochildi, Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, filial uchun umumiy maydoni 4700 kv.m dan ortiq 4 qavatli yangi bino ajratilib, qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilgan.

Loyiha natijasida 600 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

1-qavatda “Raqamli yordamchi markazi” tashkil etiladi hamda uning asosiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, ta’lim va turizmni raqamlashtirishga qaratilgan.

Binodagi xonalar quyidagicha taqsimlangan:

  • “IT Park” rezidentlari uchun 18 ta xona;
  • robotexnika, dasturlash, IT bo‘yicha ingliz tili va kibersport bo‘yicha Raqamli o‘quv markazi uchun 12 ta;
  • filial xodimlari uchun 4 ta;
  • majlislar uchun 4 ta;
  • kutubxona uchun 1 ta xona.

Shuningdek, ular orasida 2 ta interaktiv xona, 2 ta kovorking zonasi va 1 ta yashil hudud ham o‘rin olgan.

“Bu yerda yoshlar kompyuter savodxonligi asoslarini o‘rganishi, amaliyot o‘tashi, qiziqishiga mos ish topishi, hamfikrlar bilan uchrashishi mumkin bo‘ladi”, deyiladi kompaniya xabarida.

2022-yilning noyabr oyida “IT Park"ning Germaniyada ham filiali ochilgandi.

fevral oyida 63 ta kompaniya “IT Park” rezidentlari maqomi va imtiyozlaridan mahrum qilindi. Ular o‘z majburiyatlarini bajarmagan.