“Issiqlik elektr stansiyalari” tomonidan 2023-yilning 1-choragi davomida 14,6 mlrd kVt.soat elektr energiyasi va 2 mln Gkall issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib yagona energotizimga uzatildi. Bu haqda jamiyat axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ma’lum qildi.

Investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 21,1 mln. AQSH dollari o‘zlashtirilib, belgilangan choraklik reja 112,6%ni tashkil etdi.

Hozirgi vaqtda “Toshkent IEM"da har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va “Tolimarjon IES"ning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2023−2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 13 ta energoblok, 31 ta qozon qurilmasi, 9 ta bug‘-gaz qurilmasi va 1 ta gaz-turbina qurilmasini mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.

Mavsumga tayyorgarlik joriy yilning fevral oyidan boshlangan bo‘lib, bugungi kunga kelib 2 ta qozon agregatida o‘rta ta’mir ishlari yakunlandi, 3 ta energoblok, 1 ta bug‘-gaz qurilmasi va 7 ta qozon agregatida mukammal va o‘rta ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda.

Rejalashtirilgan ta’mir ishlari to‘liq amalga oshirilishi evaziga energoqurilmalarning mavjud quvvati 209 MVt hamda qozon qurilmalarning ishlab chiqarish quvvati 483 tonna/soatga oshirilishiga erishiladi.