Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, 86 ta holatda 19 mlrd so‘mlik qonun buzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aniqlangan qonunbuzarliklar quyidagicha:

  • 5 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari mavjudligi;
  • 48 ta holatda savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish;
  • 33 ta holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish.

Jumladan, Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdolarining 1 tasida ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari mavjudligi aniqlangan.

Natijada, qonunbuzarlik bo‘yicha tuzilgan 317 mln so‘mlik shartnoma haqiqiy emas deb topilib, bekor qilindi hamda mas’ul xodimlarga nisbatan sud tomonidan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda davlat xaridlari nazorati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan 17 mlrd so‘mlik 63 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan.


O‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan tender savdolarida 107 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangandi.