“Issiqlik elektr stansiyalari” va “Siemens Energy” kompaniyalari o‘rtasida 72 mln yevro miqdorida shartnoma imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Buxoro shaharidagi 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida energosamarador gaz turbinasi o‘rnatish bo‘yicha ikkita loyihani o‘z ichiga oladi.

Xususan, mazkur obyektlarda har birining quvvati 54 MVtga teng bo‘lgan ikkitadan — jami 4 ta gaz turbina o‘rnatiladi.

Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvati 216 MVtga oshishi qayd etilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda 1,7 mln kVt·soat elektr energiyasi va 1,5 mln Gkal issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati hamda 80 ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, Loyiha davomida mamlakatdagi 1000 ta malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Germaniya kompaniyalari bilan elektronika sohasida 113,3 mln yevrolik loyihalar amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Ular qatorida “Siemens”, “Diehl Metering”, “Infineon Technologies”, “Niehoff”, “Leoni”, “Garden Dreams International”, “RBB aluminium Vertrip” hamda “Benkam Europe” kabilar bor.