Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YETTB o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur shartnoma texnik yordam berishni o‘z ichiga oladi.

Xususan, mamlakat hududllarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta’lim maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanishi belgilangan.

Faoliyat yuritayotgan davlat umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida YeTTB mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo‘yicha ichki tahlillar o‘tkazilgani qayd etildi.

Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olingan bo‘lib, loyihaning kapital qiymati $55−75 mlnni tashkil etadi.

Shuningdek, YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov Janubiy Koreyaning “KSP” dasturi mutasaddi rahbarlari ishtirokidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muzokaralarda Janubiy Koreyaning “Korea EXIMbank” moliyaviy ko‘magi asosida transport sohasidagi loyihalar, xususan, elektromobillar uchun quvvatlash punktlarining qurilishi borasida o‘zaro strategik hamkorlikni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Koreya tomoni bilan mazkur sohani amalga oshirishga oid bitim imzolandi.

Avvalroq “Spot” YeTTB Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida amalga oshirilgan muhim kelishuvlarni bir joyga jamlagandi.

Ular orasida ayollar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish, Toshkentda elektr energiyasini taqsimlash hamda suv ta’minoti tizimini yaxshilash kabilar bor.

Shuningdek, bank Nukusda shamol elektr stansiyasini qurishga $19 mln yo‘naltiradi. Bu bo‘yicha “ACWA Power” kompaniyasi bilan kredit shartnomasi imzolangan.