Avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgandi.

“Jibek-Joli” chegara-bojxona postida ikki tomonlama sayyor uchrashuv o‘tkazilib, chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligi muhokama qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.

O‘zbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi “Malik” (O‘zbekiston) — “Sirdaryo” (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazish hamda harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifini bildirmoqda.

Buning uchun ikkala davlat o‘rtasida 2001-yilda imzolangan kelishuvlarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi ishlab chiqilgani qayd etiladi xabarda.

Shuningdek, “Yallama” (O‘zbekiston) — “B.Qonisbayev” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklifi berildi.

Buning uchun qo‘shimcha kuch va vositalar, jumladan, axborot texnologiyalarini jalb etish nazarda tutilgan.