Tojikiston hududidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida yuk avtotransport vositalarining harakatlanishiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, mazkur cheklov joriy yilning 1-iyunidan 31-avgustigacha soat 10:00 dan 19:00 gacha “Dushanbe-Chanak” avtostradasida yuk tashuvchi transport vositalariga nisbatan amal qiladi.

Qayd etilishicha, mazkur yuk avtomobillarining har bir o‘qiga tushadigan og‘irlik 6 tonnadan oshmasligi kerak.

Shuningdek, cheklovlar gumanitar yordam yuklari, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari, xavfli, og‘ir yuklar, ko‘mir tashuvchi va maxsus litsenziyalarga ega bo‘lgan transport vositalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida raqamli hujjatlashtirish tizimi orqali yuk tashish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

Mazkur tizim bojxona chegarasidan yuk tashish chog‘ida rasmiylashtiruvni sezilarli darajada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini beradi.