O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qo‘shma sarmoya kompaniyasi tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu haqda Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi rahbari Mikayil Jabborov “Twitter"dagi sahifasida ma’lum qildi.

Shusha shahrida boʻlib oʻtgan hukumatlararo komissiya yigʻilishida Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi vakillari hujjat imzoladi.

Qayd etilishicha, tomonlar sarmoyaviy sohadan tashqari energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

“Hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi iqtisodiy sherikligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi”, — dedi Jabborov.

Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil boshidan buyon ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16%ga oʻsgan.

Jumladan, Ozarbayjonga toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish hajmi 2,6 barobar, mexanik uskunalar yetkazib berish 19,7%, shisha va shisha buyumlar yetkazib berish 76%ga oshdi.

Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrd.ga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlari yetarli salohiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.


Avvalroq “Spot” Ozarbayjonning “Pasha Holding” kompaniyasi Toshkentda mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.