Iyul oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari sezilarli darajada kamayib, ketma-ket to‘rtinchi oydirki, pasayish davom etmoqda.

1-avgust holatiga mamlakat zaxiralari $71,8 mlnga kamayib, $33,6 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Xususan, valyuta aktivlari miqdori $14,9 mln kamayish bilan o‘tgan oyga nisbatan, o‘z ko‘rsatkichini deyarli saqlab qoldi — $9,6 mlrd.

Shu bilan birga, mamlakat oltin zaxiralari ham qisqarib, $23,02 mlrdni tashkil etdi. Natijada, o‘tgan oyga nisbatan uning qiymati $67,1 mlnga kamaygan.

Iyul oyi davomida oltinning fizik hajmi ham 12,1 mln troy unsiyadan 11,8 mln troy unsiyaga kamaydi.

Aprel oyida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari $230 mln.ga kamaygandi. May oyidagi ko‘rsatkich esa joriy yildagi eng yuqori kamayish qayd etilgan fevral oyidagi natijadan keyingi yuqori ko‘rsatkichdir.

Iyunga kelib esa qimmatbaho zaxiralar hajmi $650 mlnga kamaydi va $33,7 mlrdni tashkil etgan. Iyul oyidagi kamayish esa mamlakat zaxiralarining ketma-ket to‘rtinchi oyda ham qisqarishini qayd etdi.

Avvalroq Markaziy bank xalqaro zaxiralar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirgandi.

Xalqaro zaxiralar hajmi mamlakat milliy valyutasi, moliya tizimi barqarorligini ta’minlash va xorijiy investorlar ishonchini, pul-kredit siyosatini amalga oshirish va xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar uzluksizligini ta’minlash uchun yetarli darajada shakllantirib borilishi qayd etilgan.

Zaxiralar hajmi 2017-yilga nisbatan $9,3 mlrd yoki 35,3%ga oshgan. Bu 2017−2022 yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda narxining 2017-yil boshidagi $1 159,1 dan 2022-yil yakuniga $1 812,4 gacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi.

May oyida O‘zbekiston xorijga 11 tonna oltin savdosi bilan dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Bu esa Qozog‘iston va Germaniyadan keyingi ko‘rsatkichlardan 5,5 barobar yuqori.