Markaziy bank “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi” mavzusiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalari sotuvini yo‘lga qo‘ymoqda, deya ma’lum qildi regulyator matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, joriy yilning 29-avgustidan mazkur mavzudagi esdalik tangalar sotuvga chiqariladi hamda muamalaga chiqarilayotgan tangalar quyidagicha:

  • 15 va 20 gramm og‘irlikdagi oltin tangalar;
  • 31,1 gramm og‘irlikdagi kumush tangalar.

Tangani old tomonida Jaloliddin Manguberdining ot ustida qilich tutgan timsoli gavdalantirilgan. Uning tashqi aylanasida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi” yozuvi hamda sarkardaning hayot yillari aks ettirilgan.

Orqa tomonida esa mamlakat gerbi va xaritasi aks ettirilgan. Shuningdek, uning tashqi aylanasida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki” hamda tanganing nominal qiymatini anglatuvchi yozuvlar mavjud.

Xususan, Mazkur esdalik tangalari ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikatlari bilan sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Oltin va kumush esdalik tangalarini banklarning filiallarida naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida sotib olish mumkin.

Filiallar manzillari hamda boshqa ma’lumotlarni Markaziy bankning rasmiy sayti hamda Telegramdagi @cbu_coinbars_bot orqali olish mumkin.

2022-yilning mart oyida regulyator ikkita, “Yangi O‘zbekiston” va “Navro‘z” turkumidagi esdalik tangalarini muomalaga chiqargandi.


Markaziy bank 2018-yilda aholiga esdalik oltin tangalarni, ikki yildan so‘ng esa oltin quymalarini sotishni boshladi. Yakka tartibdagi xaridorlarga shartlar asosida ularni O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat berildi.

Bu qadamlar O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy valyutaga, xususan, dollarga qaramligini kamaytirish istagi bilan izohlandi. Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, oltinga kirish investitsiya imkoniyatlarini kengaytiradi va jamg‘armalarni taʼminlashga yordam beradi.