Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Germaniyaning “ConsultingUz” tashkiloti o‘zbekistonliklarni “EUROPA-PARK GmbH” kompaniyasiga ishga taklif etmoqda. Bu haqda migratsiya agentligi xabar berdi.

Nomzodlar kompaniyaning mehmonxona, restoran hamda oshxona sohalaridagi ishlarga jalb qilinadi hamda ular nemis tilini kamida B1 darajada bilishlari kerak, sertifikat esa talab qilinmaydi.

Shuningdek, qiziquvchilardan 18−40 yosh oralig‘ida, sudlanmagan, jismonan sog‘lom, xushmuomalali va kirishimli bo‘lish talab qilinadi. Sinov muddati — 6 oy.

Quyidagi sohalardan birida diplomga ega bo‘lishi kerak:

  • turizm menejmenti;
  • mehmonxona ishi;
  • oziq-ovqat texnologiyalari;
  • xalqaro turizm;
  • menejment;
  • germanistika;
  • lingvistika;
  • iqtisodchi;
  • biznesni boshqarish;
  • ingliz/nemis/fransuz tili.

Oylik maosh 2500 yevroni (brutto) tashkil etadi. Mehnat sharoitlari nemislar bilan bir xil (oylik, sug‘urta, ta’til).

Qabul qilinganlarga O‘zbekistondan Germaniyaga bir tomonlama aviachipta xarajatlari qoplab beriladi va aeroportdan ish joyigacha transfer qilishda, arzonlashtirilgan turar-joy bilan ta’minlashda yordam beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur hujjatlar:

  • Tarjimai hol (nemis yoki ingliz tilida);
  • Diplom (4-bosqich talabasi diplomni olgandan so‘ng ham jo‘natishi mumkin);
  • Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pdf shaklda).

Unda ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Joriy yilning 18−20-sentabr kunlari Farg‘ona va Namangan shaharlarida ish beruvchi bilan tanlovlar o‘tkaziladi (ro‘yxat ilova qilinadi). Qolgan barcha hududlar uchun noyabr oyida tanlovlar rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni (71) 202−33−55 hamda 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq o‘zbekistonlik bitiruvchilar Yaponiyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.