Bag‘dod tumanida $10 mln dan ortiq investitsiya evaziga paxta tozalash zavodi va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Quva tekstil korxonasi mazkur loyihalarni Haziniy MMTP hududidagi sobiq aerodrom o‘rnida amalga oshiradi. Natijada 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tumanga tashrifi davomida mazkur loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, unga tumanda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan 15 dan ortiq loyiha taqdim etildi.

Xususan, Abdumutal Madaminov, Islombek Muhammadaliyev, Solijon Ahmedov va Lochin fermer xo‘jaliklarining har birida 1 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan loyihalar amalga oshiriladi.

Ziroatchi Mustafoqul fermer xo‘jaligida esa 2 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik majmuasi tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Oydinbuloq mahallasida tadbirkor Bahodir Mustafoqulov 1 ming bosh qoramol va 100 bosh yilqi boqishga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirishni boshlamoqda. Hozirda xo‘jalikda 400 bosh chorva parvarishlanmoqda.

Bozorov chorvachilik loyihalarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hamda chorva mollarining nasli va mahsuldorligini oshirish zarurligini ta‘kidladi.