Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyat aholisiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari, jumladan, temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi muammolarni keskin tanqid qildi. Bu haqda viloyat hokimligi kanalida e’lon qilingan lavhada so‘z bordi.
Qosimovning viloyat hududlaridagi qurilish ishlari va yirik investitsiya loyihalari ijrosini o‘rganish tadbirlari jarayonida, Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan videokonferens-aloqa shaklidagi majlis davomida tumanlararo poyezdlarda yo‘lovchilar uchun sharoit yaratish, Sariosiyo aeroporti hamda tumanlardagi temir yo‘l vokzallarining kutish zallarini tartibga keltirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hokimning ta’kidlashicha, Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘lovchi M39 avtomobil yo‘lining Boysundan keyingi qismi yomon ahvolda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat taksi va avtobus haydovchilarining ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda. “Taksi haydovchilarimiz, avtobuschilar dodlab yuboryapti. Ularning yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi”, — dedi u.
Temir yo‘l transportidagi sharoit ham qoniqarsiz ekani qayd etildi. Qosimov Toshkentga qatnaydigan poyezdlarda sovutish tizimlari ishlamasligi, vagonlar, vokzalda yetarli sharoit yo‘qligi va chiptalar bilan bog‘liq muammolar mavjudligini aytib, poyezdga chiqqan yo‘lovchi “Toshkentga borgunga qadar kasal bo‘lib qolayotganini” aytdi. Termiz-Sariosiyo yo‘nalishidagi shaharlararo poyezdlarda ham sharoit mavjud emasligini tanqid qildi.
“Termizdan Sariosiyoga qatnaydigan shaharlararo poyezdlarda odam tashib bo‘lmaydi. Transport prokurori tomoshabin. Ey, og‘ayni, mansabdor odam obro‘ni mehnat bilan oladi. Umuman sharoit yo‘q. Qanday odam tashiyapsan unda? Odam tashiyapsanmi, pulini olyapsanmi, tekinmi? Nima uchun qonun ustuvorligi ta’minlanmaydi? Nima uchun chora ko‘rilmaydi? Transport boshqarmasi qayerga qarayapti?”, — deya ta’kidladi hokim.
Ulug‘bek Qosimov aviabiletlar narxi ham keskini oshganini, ayrim hollarda chiptalarni tanish-bilishsiz topish qiyinligini ta’kidladi. “Aviabiletlarda [vaziyat] umuman sharmandali. Narxi ikki baravar bo‘lib ketgan. Monopoliya degan tashkilot tomoshabin. Qanday borsin kambag‘al odam? Bilet narxiga qarab bo‘lmaydi”, — dedi u.


Hokim bir hafta ichida Termizdan Toshkentga va Sariosiyoga qatnaydigan yo‘lovchi poyezdlari hamda yuk tashuvlarini nazoratga olish, ularni to‘liq jihozlash, yo‘lovchilar uchun belgilangan talablarga javob beradigan sharoitlarni yaratishni topshirdi.
Raqobatni rivojlantirish va istemolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga esa chipta narxlarini to‘liq tahlil qilish, yo‘lovchilarga qo‘llanayotgan ustamalarni o‘rganish topshirildi. Shu bilan birga, idora “ikkita kassir xohlagan ishini qilib ketmasligi” hamda tanish-bilishchilikkka yo‘l qo‘yilmasligi uchun chiptalarni onlayn tarzda shaffof e’lon qilish choralarini ham ko‘rishi kerak.
“Odamlarimizga rahmat-ey, indamay minib ketib boryapti. Talaba, qari odamlar. Nafas olib bo‘lmaydi uning ichida. Bu prokuror chiqadimi uning ichiga? Yuragi ko‘tariladimi? Uning vaqti yo‘q. Operativ xodimlaringiz qayerga qarayapti? Buni SES degan tashkiloti bormi o‘zining? Qayerga qaraydi ular?”, — deya tanqid qildi Qosimov hamda mas’ullarga keskin chora ko‘rish vazifasini yukladi.
Shuningdek, aeroport va vokzallardagi sharoitlar, jumladan, sanitariya holatidan tortib xizmat ko‘rsatish sifatigacha tekshirilishi belgilandi. Qosimov kelasi hafta dushanba kuni vokzalga borib, poyezdlar va vagonlardagi sharoitlarni shaxsan tekshirishini ma’lum qildi.
Hokimning ta’kidlashicha, Sariosiyoga qaytib kelgan yo‘lovchilar ko‘chada siqilib o‘tirishga majbur bo‘lmasligi kerak. U yo‘lovchilarning hech biri bepul tashilmayotgani, ular chipta sotib olayotganini eslatdi. Shu bilan birga, Qosimov xodimlar xushmuomalaligi masalasiga ham to‘xtaldi: “Chet elda yo‘lovchilarni qo‘li ko‘ksida, vagonga olib chiqib qo‘yadi, bu yerda xo‘mrayib, kelasanmi, ketasanmi, kimsan, degan savolga javob yo‘q”, — dedi u.
Avvalroq Spot 11 toifadagi fuqarolarga transportda bepul yurish yoki 50% lik chegirma berilishi haqida yozgan edi.

