O‘tgan hafta Iqtisodiyot va moliya vazirligi yangi elektromobillar xaridi uchun olingan avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjatga ko‘ra, birlamchi bozordan qiymati BHMning 1000 baravaridan (1-sentabrdan 440 mln so‘m) oshmaydigan va kredit miqdori 300 mln so‘mgacha bo‘lgan elektromobillarni xarid qilish uchun milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining yillik 16% dan oshadigan, biroq 8% lik punktdan ko‘p bo‘lmagan qismini dastlabki ikki yil davomida davlat tomonidan qoplab berish taklif etilmoqda.

NHHLM portalida loyiha muhokamasi 22-avgustgacha davom etadi, hujjat hali qabul qilinmagan. Loyihaga 70 dan ortiq izoh qoldirilgan — fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi tashabbusga keskin qarshi chiqqan, faqatgina e‘lon qilinganidan keyingi birinchi kuni qoldirilgan ikkita izohdagina qo‘llab-quvvatlash aks etgan.

Izohlovchilar nima deb yozmoqda?

Loyihaga qarshilarning asosiy va eng ko‘p takrorlanayotgan dalili shuki, ularning fikricha, bu chora barcha soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobidan aholining badavlat qatlamlari uchun imtiyozdir.

Izoh mualliflari ta‘kidlashicha, hozirgi sharoitda elektromobil xarid qilishga faqat o‘ziga to‘q fuqarolar qurbi yetadi, vaholanki, bu subsidiyalar uchun soliqlarni o‘qituvchilar, shifokorlar va kam ta‘minlangan oilalar ham to‘laydi.

Bir nechta izoh yozuvchi bu holatni boshqa ijtimoiy to‘lovlarning ayni vaqtda qisqartirilishi bilan bevosita qiyoslamoqda. Xususan, bir muallifning hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir oluvchiga yiliga 24 mln so‘mgacha yetishi mumkin bo‘lgan kompensatsiyani ajratishga tayyor turilgan bir paytda, ikkinchi va undan keyingi farzandlar tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa — suyunchi puli miqdorining 956 ming so‘mgacha kamaytirilgani tilga olingan.

“Nima uchun boylarning qulayligi uchun o‘qituvchi va shifokorlar to‘lagan soliqdan har yili 24 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanishi kerak?” — deyiladi izohlardan birida. Bir muallif esa ochiqchasiga shunday yozadi: “Men o‘qituvchiman. Mendan olingan soliq qaysidir boyning qulayligi uchun sarflanishini istamayman”.

Eng ko‘p taklif qilinayotgan muqobil yechim — kredit stavkalarini subsidiyalash o‘rniga elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini butunlay bekor qilish yoki kamaytirishdir. Ko‘pchilik izoh yozuvchilarning fikricha, aynan utilizatsiya yig‘imi bojxona to‘lovlari bilan birga elektromobillarni qimmatlashtirmoqda va uning bekor qilinishi faqatgina yirik avtokredit ola oladiganlar uchun emas, balki barcha xaridorlar uchun narxlarning tabiiy pasayishiga olib kelgan bo‘lardi.

Ayrimlar taklif etilayotgan chora raqobatni sun‘iy ravishda cheklashini to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmoqda: subsidiya jismoniy shaxslar tomonidan mustaqil ravishda olib kiriladigan avtomobillarga emas, balki faqat rasmiy dilerlardan birlamchi bozorda qilingan xaridlarga qo‘llanadi.

Yana bir dalil — loyiha mezonlari (narx chegarasi, birlamchi bozor bilan cheklanish) asosan utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha imtiyozlardan allaqachon foydalanib kelayotgan bozordagi bitta yirik ishtirokchi manfaat ko‘radigan tarzda tuzilgan, boshqa bir qator ommabop elektromobil modellari esa kompensatsiya shartlariga to‘g‘ri kelmaydi, degan shubha bor.

Ushbu izohlarning mualliflari bunday kompaniyani nomigagina “chayqovchi-monopolist” va “mahalliylashtiruvchi” deb atashmoqda, chunki ularning ta‘kidlashicha, mamlakatda elektromobil ishlab chiqarishning to‘liq sikli yo‘q — tayyor akkumulyatorlar, elektronika va kuzovlar import qilinadi, joyida esa faqat yirik uzelli yig‘ish amalga oshiriladi. Bundan kelib chiqib, bunday kompaniya uchun imtiyozlardan ko‘riladigan budjet yo‘qotishlari va taklif etilayotgan foiz kompensatsiyasi pirovardida davlat uchun ishlab chiqarishni haqiqiy mahalliylashtirishdan ko‘ra ko‘proq xarajatga aylanadi, degan xulosa qilinmoqda.

Izoh yozuvchilarning bir qismi kompensatsiya mexanizmining o‘zidagi xatarlarga e‘tibor qaratmoqda. Xususan, mualliflardan biri davlat foiz stavkasining bir qismini qoplashga tayyorligini bilgan banklar elektromobillar uchun avtokredit foizlarini ataylab oshirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Boshqa bir izohlovchi muqobil yondashuvni taklif qilmoqda: foizlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplash yoki avtomobil narxini to‘liq to‘lab berish o‘rniga, davlat uzoq muddatli va hamyonbop moliyalashtirish mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlashi lozim — masalan, pasaytirilgan stavkalarda 3−7 yilga avtokredit yoki bo‘lib to‘lash, dastlabki to‘lovni kamaytirish, kafillik mexanizmi orqali banklarga foiz stavkasining bir qismini subsidiyalash. Muallifning fikricha, bu budjetga tushadigan yukni oldindan taxmin qilish imkonini beradi, narxlarni sun‘iy ravishda pasaytirmaydi va quvvatlantirish infratuzilmasini parallel ravishda rivojlantirish bilan birga kechadi.

Ko‘plab mualliflar kompensatsiyaga sarflanishi rejalashtirilgan mablag‘larni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishni taklif etmoqda: sinflarning 40−45 nafargacha o‘quvchi bilan to‘lib ketishi va ularning ikki smenada o‘qishi muammosini hal qilish uchun maktablar qurish va ta‘mirlash, sog‘liqni saqlashni rivojlantirish, jamoat transportini, xususan, elektrobuslar xarid qilish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishni rivojlantirish, suyunchi puli miqdorini tiklash, shuningdek, mamlakatning tashqi davlat qarzini to‘lash.

Loyiha e‘lon qilingan birinchi kuni qoldirilgan sanoqli ijobiy fikrlar orasida mualliflar o‘z pozitsiyasini batafsil asoslamagan holda, ushbu tashabbusni “xalqchil” va “dolzarb” deb atagan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda elektromobillar soni 109,2 mingtaga yetgani haqida yozgandi.