O‘zbekistonda elektromobil sotib olish uchun olingan avtokredit bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish taklif qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uning tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab qiymati BHMning 1 000 baravaridan (412 mln so‘m) oshmaydigan elektromobillarni birlamchi bozordan xarid qilish uchun ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi. Bunda kompensatsiya banklar tomonidan 300 mln so‘mgacha ajratilgan kreditlarga tatbiq etiladi.

Davlat kreditning dastlabki ikki yili davomida foiz stavkasining 16% dan yuqori, biroq 8 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplaydi.

Kompensatsiyalar 2026-yilda respublika budjetining qo‘shimcha manbalari, 2027−2030-yillarda esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Nizom faqat birlamchi bozordan xarid qilinadigan, faqat elektr dvigateli bilan harakatlanuvchi va ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lmagan M kategoriyasidagi elektromobillar uchun amal qiladi. Kompensatsiya faqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan tegishli kelishuv tuzgan banklar ajratgan avtokreditlarga tatbiq etiladi.

Kompensatsiya olish uchun fuqaro bankka avtokredit olish bo‘yicha murojaat qilayotganda arizada ushbu imtiyozdan foydalanish istagini alohida ko‘rsatishi kerak. Mablag‘lar bankning ichki qoidalariga muvofiq kreditga layoqatli deb topilgan hamda kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ajratiladi.

Bank qarz oluvchining kreditga layoqatliligini hamda nizom talablariga muvofiqligini o‘rganib, kredit ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agar kompensatsiya berish rad etilsa, bank uch ish kuni ichida buning sabablarini yozma ravishda ma’lum qilishi lozim.

Shuningdek, bank bilan tuziladigan kredit shartnomasida kompensatsiya ajratilishi va uning miqdori alohida ko‘rsatilishi shart. Har oy bank keyingi oyning 5-sanasigacha kompensatsiya ajratilishi lozim bo‘lgan qarz oluvchilar bo‘yicha vazirlikka buyurtmanoma yuboradi. Vazirlik uch ish kuni ichida mablag‘ni bankning alohida hisobvarag‘iga o‘tkazadi, bank esa uni bir ish kuni ichida qarz oluvchining kredit hisobiga yo‘naltiradi.

Kreditni qaytarish jadvali o‘zgargan taqdirda kompensatsiya miqdori ham qayta hisoblanadi. Shu bilan birga, qarz oluvchi kredit to‘lovlarini uch oy ketma-ket amalga oshirmasa, kredit muddatidan oldin to‘liq yopilsa, kredit shartnomasi bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgani aniqlansa, kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi. To‘lovlar uch oy ketma-ket amalga oshirilmagani sababli to‘xtatilgan kompensatsiya mazkur holat bartaraf etilgach qayta tiklanishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, kompensatsiya mablag‘larining maqsadli sarflanishi uchun banklar javobgar bo‘ladi. Mablag‘lardan foydalanish ustidan nazoratni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi amalga oshiradi.

Hukumat qarori loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalar 22-avgustgacha qabul qilinadi.

Avvalroq Spot iyun oyida elektromobillar savdosi may oyiga nisbatan 63,5% ga ko‘paygani haqida yozgan edi.