Germaniya kompaniyasi bilan o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda mamlakatning “Goldcliff Stark” kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, Germaniya mehnat qonunchiligi, til o‘qitish, konsalting xizmatlari ko‘rsatish kabi yo‘nalishlardagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

“Goldcliff Stark” kompaniyasi O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Kompaniya mutaxassislarni quyidagi yo‘nalishlarda ishga joylashtirishga tayyor:

  • hamshiralik ishi sohasida tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotli mutaxassislar;
  • mehmonxonalar va restoranlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (konserj, reception, xizmatkor, texnik, metrdotel, oshpaz, ofitsiant va qo‘riqchi);
  • kafelchi, duradgor, betonchi, suvoqchi, bo‘yoqchi, elektrchi, chilangar kasblari bo‘yicha tajribali quruvchilar.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish maqsadida kompaniya vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish va agentlik bilan tegishli shartnoma imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Goldcliff Stark” kompaniyasi 2017-yilda Frankfurt-Mayn shahrida tashkil etilgan yuridik firma hisoblanadi. Tashkilot qurilish, arxitektura, yo‘l va mehnat huquqi sohasida konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar ishga taklif qilinishi haqida xabar berilgandi. Nomzodlar mehmonxona, restoran hamda oshxona sohalaridagi ishlarga jalb qilinmoqda. Nemis tilini kamida B1 darajada bilish kerak, sertifikat esa talab etilmaydi.