Saudiya Arabistoni kompaniyasi turli sohalar bo‘yicha o‘zbekistonliklarni mamlakatga ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar bermoqda.

Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsuli Nodirjon Turg‘unov mamlakatning “International Recruitment Company” bandlik kompaniyasi menejeri Ahmad Muhammad Ibrohim bilan uchrashdi.

Unda o‘zbekistonliklar uchun podshohlik xususiy tarmog‘ida bo‘sh ish o‘rinlarining yaratib berilishi, o‘zbek mehnat muhojirlarining qonuniy ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ahmad Muhammad Ibrohim Saudiya bandlik kompaniyasi vakili sifatida O‘zbekistondan ishchi kuchini olib kelishga katta qiziqish bildirdi. Uning qayd etishicha, kompaniya arab yoki ingliz tilini biladigan o‘zbekistonlik oshpazlar, avtobus va yuk mashinalari haydovchilari, tibbiyot xodimlari va boshqa sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb etishga tayyor.

International Recruitment Company” kompaniyasi Jidda shahrida joylashgan. Podshohlik hududlarida 37ta sho’basi mavjud. Kompaniya va uning sho’balarida jami 15 mingta ishchi faoliyat yuritadi.

Joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoni o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu viza bilan yil davomida Umra hamda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin bo‘lib, amal qilish muddati 90 kunni tashkil qiladi.


Avvalroq Germaniyaning “Goldcliff Stark” kompaniyasi o‘zbekistonliklarni tibbiyot, qurilish hamda mehmonxona yo‘nalishlaridagi ishlarga joylashtirishga tayyorligini bildirgandi.