Polsha kompaniyasi O‘zbekistonda ko‘pikli polistirol bloklar va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Bu bo‘yicha, elchi Bahrom Boboyev bilan “Luba Sohn Holding” kompaniyasi rahbari Kshishtof Slabi o‘rtasida mamlakatda turar-joylar, binolar va sanoat inshootlarini termal modernizatsiyalashda qo‘llaniladigan ko‘pikli polistirol bloklar (penoplast) hamda butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga sarmoya kiritish masalasi muhokama qilindi.

Yangi zavod 5 gektar maydonda tashkil etilib, unda ishlab chiqarish bo‘limlari, logistika markazi, laboratoriya hamda tayyor mahsulot omborlari kabilar bo‘ladi.

Loyihaga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan investitsiyalar hajmi taxminan $7−10 mlnni tashkil etadi. Uning natijasida 300−400ta kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Zavod yiliga qalinligi 30−200 mmgacha bo‘lgan 300 ming kubometr penoplast va keyinchalik unga qo‘shimcha to‘rlar, yelim, poydevor boltlari, ilgaklar, akril suvoq, mog‘or va namlanishga qarshi vositalar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Investitsiya bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida “Luba Sohn Holding” va “O‘zqurilishmateriallari"ning mas’ul xodimlari hamda mutaxassislari ishtirokida videokonferensiya tashkil etilishi belgilangan. Polsha kompaniyasi delegatsiyasi joriy yilning oktabr oyida O‘zbekistonga jalb qilinadi.

Avvalroq Rossiya Navoiy va Buxoroda texnoparklar ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.