Jori yilning 7-oktabr kuni ertalab Isroil shaharlari G‘azo sektori tomonidan o‘qqa tutildi. Falastinning HAMAS harakati “Al-Aqsa to‘foni” operatsiyasini boshlaganini e’lon qildi.

HAMAS jangarilari Isroil janubidagi bir nechta joylarda chegarani buzishga muvaffaq bo‘lishdi, ularning bir qismini Isroil armiyasi haligacha nazoratga ololmadi. Mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilingan, chegarada janglar davom etmoqda.

9-oktabr, dushanba kuni Isroil hukumati G‘azo sektori atrofida harbiy harakatlar boshlangani sababli 72 soat davomida oziq-ovqat va suv zaxirasini to‘plashni tavsiya qilganidan so‘ng, Isroil aholisi ommaviy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishni boshladi.

Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati ko‘p o‘tmay qo‘shimcha bayonot berdi. Unda bu faqat umumiy xarakterdagi maslahat ekanligini va darhol bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatma emasligini tushuntirishdi.

10-oktabr kuni Isroilning eng yirik supermarketlar tarmog‘i “Shufersal” suv, sut, non va tuxum kabi zarur mahsulotlarni sotib olishga cheklov joriy qildi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri tarmoq bosh direktori Uri Uotermanning bayonotiga tayanib xabar berdi, deya yozadi “Forbes” nashri.

“Barcha xaridorlar oldidagi mas’uliyatni his qilgan holda, shuningdek, yuqori talab, ta’minotdagi qiyinchiliklar va do‘konlarda mahsulotlarning qisman yetishmasligi sabab suv, tuxum, non va sut kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari xaridini cheklashga qaror qildik”, — dedi Uotermann.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Shufersal” do‘konlariga qo‘shimcha mahsulotlar olib kelish bo‘yicha ishlar davom etadi.

Bayonotga ko‘ra, xaridorlar belgilangan narxlarda “Shufersal” do‘konlaridan eng ko‘pi bilan ikkita qadoqda 6ta 1,5 litrli suv, bir qadoq 30ta tuxum yoki ikki quti 12ta tuxum, uch dona sut va ikki dona non sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Do‘kon uch kunlik suv, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar zaxirasini saqlash tavsiya qilinganidan keyin bayonat bergani ta’kidlangan. Ko‘p o‘tmay, Isroil supermarketlaridagi javonlar bo‘shab qolgan.