Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda isitish mavsumi boshlanishi bo‘yicha yuzaga kelgan muhokamalarga izoh berdi.

Isitish mavsumi Gidrometeorologiya xizmati agentligidan isitish mavsumini ma’lum sanadan boshlash tavsiyasi olinganidan keyin poytaxt hokimining qarori bilan boshlanadi.

“Isitish mavsumining boshlanishi jiddiy jarayon bo‘lib, biz bunga bor mas’uliyatimiz bilan yondashamiz”, deyiladi xabarda.

Hukumatning 2017-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 194-son qaroriga asosan isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8 darajadan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8 darajadan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak.

Hokimlik aholidan vaziyatga to‘g‘ri baho berib, sabr qilishlarini so‘rab, yaqin kunlarda isitish mavsumi boshlanishini ma’lum qildi.

2022-yili poytaxtda isitish mavsumi 22-oktabrdan boshlangandi.