Germaniyada “Ausbildung” asosida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar ishga jalb qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning “CBZ München” tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikka muvofiq Toshkent va Samarqanddagi “Ishga Marhamat” monomarkazlarida nemis tilini o‘qitish dasturi ishlab chiqildi.

Dual ta’lim tizimi uchun begilangan sohalar:

  • oziq-ovqat kasblari (novvoy, qandolatchi, qassob);
  • hunarmandchilik palatasi sektoridagi metalga ishlov berish kasblari;
  • quyosh elektr energiya, isitish, santexnika;
  • qurilish sektori (g‘isht teruvchilar, betonchilar, bo‘yoqchilar va duradgorlar);
  • mexatronika muhandisi.

Dasturga 18−30 yosh oralig‘idagi yoshlar jalb qilinadi. Nomzodlar umumta’lim maktabini tugatgan, shahodatnomaga ega bo‘lishi, nemis tilini B1-B2 darajagacha o‘rganishga qiziqishi kerak.

Shuningdek, kelajakda yuqorida ko‘rsatilgan kasblar bo‘yicha o‘qish va ishlashga qiziqish va layoqat talab etiladi.

Ikki bosqichli tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar dasturga qabul qilinadi hamda Toshkent yoki Samarqand shahrida tashkil etiladigan nemis tili kurslarida o‘qishadi.

Qabul qilingan nomzodlar nemis tili kurslarida qatnashayotgan vaqtda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmasliklari kerak. Darslar haftada 5 kun soat 09:00dan 17:00gacha olib boriladi.

Ishtirokchilar Gyote instituti, ECL yoki ÖsD imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tishi, sudlanmagan, jismonan sog‘lom bo‘lishi kerak.

Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lganlarga quyidagi sharoitlar yaratib beriladi:

  • texnik jihozlangan o‘quv xonasi;
  • bepul o‘qituvchi va o‘quv materiallari;
  • imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib tegishli til sertifikatini olgan qatnashuvchilarning viza hujjatlarida ko‘mak.

“Ausbildung” asosida Germaniyaga yuborilgan ishtirokchilar 2−3 yillik dual ta’lim jarayonida 950−1250 yevro miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi. Dual tizim davomida doimiy qo‘llab-quvvatlash va o‘qishdan keyin doimiy ishga joylashishlariga yordam beriladi.

Toshkent va Samarqand shahridagi nemis tili kurslariga joriy yilning 20-noyabridan start beriladi. Muvaffaqiyatli ishtirokchilar 2024-yilning avgust oyidan Germaniyaga jalb qilinadi.

Arizalarni havola orqali jo‘natish kerak. Batafsil ma’lumotlarni (71) 202−33−55 yoki 1282 qisqa raqamidan olish mumkin.