“IT Park” va “ProQuality” hamjamiyati tomonidan “ProQuality Uzbekistan: Uniting Testers for Excellence” uchrashuvi tashkil etiladi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

Quality Assurance (Sifatni ta’minlash) — bu mahsulotning dasturiy ta’minotini ishlab chiqishning barcha bosqichlarida sifatni ta’minlash jarayoni.

Loyiha testerlar va sinovlarni avtomatlashtirish bo‘yicha mutaxassislarga tushuncha berishga qaratilgan. Unda ishtirok etish — bepul.

Tadbirda moderatorlikni “EPAM"ning dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha katta muhandisi Vladislav Razakov bajaradi. Spikerlar — “EPAM” “Senior Software Quality Engineer” Zafar Maksudov hamda “Software Test Automation Engineer” Stanislav Filyushkin.

Ishtirokchilar ingliz tilida quyidagi mavzularda texnik suhbat o‘tkazadilar:

  • “Career in QA: My Journey from Junior to Senior”;
  • “QA Automation: How to get started”.

Birinchi sessiya davomida Zafar Maksudov QA bo‘yicha muvaffaqiyatli karyera uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va fazilatlarni muhokama qiladi. Shuningdek, u turli QA metodologiyalari va avtomatlashtirish vositalari bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashib, sanoatning so‘nggi tendensiyalaridan xabardor bo‘lish bo‘yicha maslahatlar beradi.

Ikkinchi sessiyada esa Stanislav Filyushkin bilan avtomatlashtirishni sinovdan o‘tkazish (Quality Assurance Automation) vositalari va sanoatning joriy tendensiyalari ko‘rib chiqiladi. Muvaffaqiyatli avtomatlashtirish sinovchisi bo‘lish uchun qanday fazilatlar va ko‘nikmalar kerakligini bilib olish mumkin.

Bundan tashqari, bu sohani qanday boshlash kerakligi va qanday resurslardan foydalanish mumkinligi haqida maslahatlar olish mumkin.

Tadbir 4-noyabr kuni soat 11:00da o‘tkaziladi. Manzil: “IT Park” binosi, 1-qavat.

Unda ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.