Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedov egallab turgan lavozimi munosibligi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu bo‘yicha 9-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektorda Shavkat Mirziyoyev topshiriq berdi.

Yig‘ilishda yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar qayd etildi. Aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi qo‘mita faoliyatidagi jiddiy kamchiliklarni yuzaga chiqargan.

Shundan kelib chiqib Raqobat qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shohruh Shorahmedov 1977-yilda tug‘ilgan. 1998-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999-yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini iqtisodchi, moliya va investitsiyalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

2019-yilning may oyigacha O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasining Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsion va tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirish masalalari bo‘yicha bo‘linmasining bosh konsultanti lavozimida faoliyat yuritgan. Moliya — iqtisod sohasidagi ish staji 18 yilni tashkil etadi.

O‘sha yilning 21-mayidagi prezident qarori bilan Shohruh Shaturg‘unovich Shorahmedov moliya vazirining davlat budjeti masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

2022-yilning 30-dekabridagi davlat rahbari qarori bilan O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan.