“Spot” xorijlik va o‘zbekistonlik muvaffaqqiyatli biznes asoschilari hayoti haqida hikoya qiluvchi “Biznesmenlar tarixi” sahifasini davom ettiradi.

Bu safar dunyoning eng mashhur brendlaridan biri sanalgan “Apple” kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs hayoti, biznesini qanday boshlagani va muvaffaqiyati haqida so‘z yuritamiz.



Stiv Jobs hayoti

Stiven Pol Jobs — amerikalik tadbirkor va ixtirochi. 1955-yil 24-fevralda Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida tug‘ilgan.

Dastlab, Portlenddagi Rid kollejiga o‘qishga kiradi, ammo, ma’lum muddat o‘tgach uni tashlab ketadi. Bolaligidan otasi bilan birgalikda oilaviy garajda elektron jihozlar yaratish bilan shug‘ullangan.

Otasi unga elektronikani qanday ajratish va ta’mirlashni o‘rgatadi. Natijada, mukammallikka yo‘l uning uyidagi garajidan boshlanadi.

Birinchi “Apple” kompyuteri

1976-yilda Stive Jobs va Stiv Voznyak birgalikda “Apple Computer” kompaniyasiga asos soladi. Ular yaratgan birinchi shaxsiy kompyuter “Apple I” $666ga sotilgan. Shu tariqa kompaniyaning sotuv hajmi 3 yil ichida $200 mlnga yetadi.

Kompaniya tomonidan “IPhone”, “iPad” va “iPod"ni o‘z ichiga olgan gigant texnologiyalar yaratildi. 2007-yilda esa o‘zining birinchi sensorli mobil telefonini taqdim etadi va bu texnika orqali MP3 va videolarni ijro etish va internetga kirish mumkin edi.

Bir yildan so‘ng kompaniya “iPhone 3G” modelini ishlab chiqardi. Ushbu model chiqqandan keyin, dastlabki uch kun ichida 1 mln dona sotilgan. O‘sha yili “iPhone” foydalanuvchilari ilovalarni xarid qilishlari mumkin bo‘lgan “App Store” onlayn-do‘koni ham taqdim etildi.

“Apple” logotipi tarixi

Voznyak intervyularidan birida “Apple” logotipi g‘oyasi o‘sha paytda “Oregondagi bog‘larda ishlagan” Jobs tomonidan ilgari surilganini keltirib o‘tgan.

Stiv Jobsning tarjimai holiga ko‘ra, bu nom g‘oyasi unga olma fermasidan qaytganidan keyin kelgan. Bunday nomning afzalliklaridan biri uning A harfi bilan boshlanishi, ya’ni kompaniya istalgan ro‘yxatda yuqori o‘rinni egallay olishida edi.

Birinchi Apple logotipi (1976) barchaga mashhur va ma’lum bo‘lgan logotipga o‘xshamasdi. Unda miniatyura janridagi san’at asari tasvirlangandi. Rasmda Isaak Nyutonning olma tushayotgan ulkan daraxt tagida o‘tirgani keltirilgan.

Uning burchaklari bo‘ylab esa quyidagi ibora: “Nyuton… ajib fikr dengizlarida mangu sayohat qilayotgan aql …yolg‘iz”.

Daromad. “Bloomberg"ning ma’lum qilishicha, kompaniya kapitallashuv bo‘yicha $3 trlnlik daromadga ega bo‘lmoqda.

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon “Apple” aksiyalari 35%ga qimmatlashgan, bozor qiymati esa $690 mlrdga oshgan. Hozirda kompaniyaning kapitallashuv miqdori deyarli $2,76 trlnni tashkil etmoqda.

Oilasi

Stiv Jobs Laurena Pauel bilan turmush qurgan va ularning Rid, Erin va Iv ismli farzandlari bor.

2011-yilning 5-oktabr kuni mashhur biznesmen Kaliforniyaning Palo-Alto shahrida 56 yoshida oshqozon osti bezi saratoni kasalligi oqibatida vafot etadi.

Avvalroq “Spot” “Chip va Deyl”, “Zolushka” hamda “Sohibjamol va mahluq” singari multfilmlar yaratuvchisi Walt Disney hayoti haqida so‘z yuritgandi.