Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Agroko‘makchi” maxsus mobil ilovasini ishga tushirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ilova yer egalari, fermerlar, eksportyor hamda importyorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u orqali zarurat bo‘lganda kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.

Mobil ilovada quyidagi ma’lumotlar mavjud:

  • zararli organizmlar, begona o‘tlar haqida batafsil ma’lumot;
  • ularga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar;
  • sinov va ro‘yxatdan o‘tgan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va mineral o‘g‘itlar;
  • eksport uchun ochilgan bozorlar;
  • hududlarda faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar;
  • tuproqning agrokimyoviy tahlilini o‘tkazuvchi laboratoriyalar;
  • o‘simlik klinikalari;
  • qadoqlovchi korxonalar va boshqalar.

Bundan tashqari, ilova orqali zararlangan maydonni belgilab, karantin inspektorini chaqirish mumkin. Shu bilan birga, inspektor faoliyatini baholash uchun “Inspektorni baholash tizimi” orqali izoh qoldirish, “Qidiruv” menyusi yordamida ma’lumotlarni topib olish mumkin bo‘ladi.

“Agroko‘makchi” ilovasini “Play market” va “App store” platformalaridan yuklab olish mumkin.

Joriy yilning oktabrida Toshkentda Agro innovatsiya markazi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.