Yana ikkita hududda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha narxlar oshirildi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Buxoro va Namangan viloyatlarida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi.

Unga ko‘ra, Buxoro viloyatida aholi uchun shaharlarda bir kishiga oylik 5 ming so‘mni, tumanlarda 4 ming so‘mni tashkil etadi.

Yuridik shaxslarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi 1 tonna uchun (QQSsiz) shaharlarda — 186 ming so‘m, tumanlarda — 160 ming so‘m.

Shuningdek, yuridik shaxslarga bir kub metr uchun (QQSsiz) shaharlarda 83 ming so‘mni, tumanlarda 71 ming so‘mni tashkil etadi.

Namangan viloyati bo‘yicha aholi uchun 5 ming so‘m hamda yuridik shaxslarga bir kub metr uchun (QQSsiz) 50 ming so‘m to‘lov miqdori belgilandi.

Qayd etilishicha, mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Toshkent shahrida fuqarolar uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik tashkilotlariga bir kubometr uchun 53 986,56 so‘mdan 89 977,57 so‘mga oshirilgandi.

Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilangan.