Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat boshqaruvi takomillashtirilganidan kelib chiqib, hukumat qarori bilan ayrim NHHlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ma’muriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi tizimidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashkiliy tuzilmasiga o‘tkazildi va uning vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Prezidentning joriy yilning 10-iyunidagi farmoniga muvofiq hukumatning ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasidagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda, ekinlarni ekish, urug‘lik va ko‘chat materiallarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ishlar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • tuproqning unumdor qatlamlari ruxsatsiz olib tashlanishi, ko‘chirilishi va yo‘q qilinishini taqiqlash, yerlarning qishloq xo‘jaligi foydalanishidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, yerlardan samarali va oqilona foydalanish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining urug‘lik va ko‘chat materiallari yetishtirilishi hamda ularning tejab sarflanishini tashkil etish;
  • import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat-materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) hamda xavfli yashirin virusli kasalliklarning mavjudligini aniqlash.

Bundan tashqari, hujjat bilan hukumatning boshqa qarorlariga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan.

Avvalroq prezident qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35%ga, osma texnika va tirkamalarni o‘rtacha 60%ga yetkazish vazifasini qo‘ygandi.