“Technovation Girls 2024” xalqaro texnologik tanloviga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tanlov IT-sohasida qizlar o‘rtasida tadbirkorlik (jumladan, ijtimoiy tadbirkorlik) qobiliyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan. Unda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi qizlar ishtirok etishi mumkin.

Musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha onlayn seminarlar O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan jamoalar uchun ochiq. Bundan tashqari, Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Nukusda oflayn rejimda trening va seminarlar o‘tkaziladi.

Tadbir davomida dastur ishtirokchilari quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin:

  • mobil ilovalarni ishlab chiqish;
  • biznes-reja yozish va ijtimoiy startaplarni ishga tushirish;
  • sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lish;
  • jamoada ishlash;
  • video tasvirga olish.

Shuningdek, seminarlarda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ularning startap sektori bilan aloqasi taqdim etiladi.

Bundan tashqari, talabalar O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning IT-kompaniyalarida muvaffaqiyatli ishlayotgan qizlar bilan tanishadilar.

“Technovation Girls 2024"da ishtirok etish uchun tanlov veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish va qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.

Musobaqa O‘zbekistonda 2016-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda va oradan ikki yil o‘tib, respublika vakillari ilk bor Kaliforniyadagi tadbirning final bosqichiga chiqishdi. 2023-yilda “Tecnas” jamoasi global finalning kuchli uchligiga kirdi.