2024-yilda Buyuk Britaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqarolar Buyuk Britaniyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarga onlayn ariza jo‘natishlari mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish joriy yilning 17-fevral kuni soat 09:00dan 18:00gacha “Labor-migration” dasturiy majmuasida amalga oshiriladi.

Nomzodlar 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lishi kerak. 2023-yilning 10−11-noyabr kunlari ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlarga bu tanlovda qatnashish tavsiya etilmaydi.

Qabul qilingan fuqarolarni 2024-yilning iyun-dekabr oylarida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Ro‘yxatdan o‘tishda @gmail.com bilan yakunlanuvchi elektron pochta va +998 bilan boshlanuvchi xalqaro telefon kodi orqali raqamlarni ko‘rsatish kerak.

Shuningdek, xorijga chiqish pasporti bo‘lishi va barcha ma’lumotlar mazkur pasportdagi kabi lotin harflarida kiritilishi shart. Aks holda nomzod keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.

Batafsil ma’lumotlarni 71 202 33 55 yoki 1282 qisqa raqamidan hamda havola orqali olish mumkin.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Litvaga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Undagi ayrim sohalarga hozir ham qabul davom etmoqda.