“Spot” tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.

Bu safargi materialda “Click” kompaniyasi bosh direktori Ulug‘bek Rustamov bilan suhbatlashdik.

U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.

Intervyuning to‘liq qismi bu yerda:



Hozirda faoliyatimiz raqamli tizimga o‘zgarayotgani uchun ish stolimda hujjatlar turmaydi. Albatta kompyuter bor, u telefonim bilan sinxronlashtirilgan. Bu mening ishlashimda juda qulay hisoblanadi.

Menimcha, har qanday tadbirkor stolidagi ajratib bo‘lmaydigan narsa, bu kalkulyator bo‘lsa kerak.

Noutbuk olib yurmayman, oxirgi bir yil ichida undan foydalanmaganman. Sababi, telefonim va ish stolimdagi kompyuterim bir-biriga bog‘langan. Kerakli ishni u yoki bu qurilmada bajarish mumkin.

ryukzagda nima bor, ulug‘bek rustamov

Ruchkalar, doskada yozish uchun markerlar bor. Shuningdek, charchagan paytda biroz chalg‘ish uchun boshqotirmalar, “spinner"lar bor.

Ish stolimdagi narsalardan tashqari xonamda yurish yo‘lakchasi bor. Ustiga chiqilsa avtomatik tarzda harakat qilishni boshlaydi.

Menimcha, ofisda ishlaydigan xodimlarga bu yurish yo‘lakchasi kerak deb o‘ylayman. Chunki, sport bilan shug‘ullanishga vaqtimiz yo‘q, ertalabdan kechgacha ishda bo‘lamiz, uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlaymiz.

ryukzagda nima bor, ulug‘bek rustamov


Ryukzagimga kelsak, uning yoshi “Click"nikidan katta bo‘lsa kerak. Tahminan 10−12 yil bo‘ldi olganimga, ko‘p hollarda shu ryukzagimdan foydalanaman.

Boshqa ryukzaklarimdan farqli ravishda, shunisini yaxshi ko‘rib ishlataman va sayohatlarimda o‘zim bilan olib yuraman.

Ryukzagimda esa simli katta, “Airpods” va suvga chidamli quloqchinlarim bor. Ular judayam ko‘p. Qo‘shiq eshitish uchun ham alohida quloqchinim bor. Katta va kichkina “power bank"lar bor.

Ikkinchi telefonim ham bor, u sim-kartali, chet elga chiqqanimda ishlataman.

Smart soatimning quvvatlovchi moslamasini olib yuraman. Shuningdek, qayerdadir imzo qo‘yish kerak bo‘lsa ruchka bor. Yana “adapter”, flesh kartalar olib yuraman.

Barabanning tayoqchasi ham bor, chunki hozirda baraban chalishga borib yurganim uchun baraban tayoqchasini olib yuribman.

ryukzagda nima bor, ulug‘bek rustamov

Ryukzagimning yon cho‘ntaklarida sayohatga chiqqan vaqtda kerak bo‘ladigan, bo‘yin uchun yostiqcha bor.

Kalitlarim uchun hamyon bor. Unga “Apple"ning “Airtag” qurilmasini ham solib qo‘yganman. Qayerdadir yo‘qotib qo‘ysam yoki qoldirib ketsam shu qurilma orqali topib olaman.

ryukzagda nima bor, ulug‘bek rustamov

Yondaftar yoki kundalik olib yurmayman, chunki hamma narsa telefonim yoki kompyuterimda yoziladi.

O‘zim bilan olib yuradigan va kundalik foydalanadigan narsalarim shular.