Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklarning chiqib ketishi va o‘tkazish punktlarining rekonstruksiya qilinishi Qozog‘iston bilan chegarada katta navbatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati ma’lum qildi.

21-mart kuni “Tengrinews” muxbiri Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi “Jibek jo‘li” bojxona postidagi soatlab navbatlar haqida xabar berdi. Bundan tashqari, noma’lum shaxslar pul evaziga uzundan uzoq navbatdan tezroq o‘tishni taklif qilishgan.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari oldida mamlakatdan chiqib ketayotgan odamlar va avtomobillar to‘planib turganini tasdiqladi.

“Bu Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakatimizdan asosan xorijlik fuqarolarning chiqib ketishi, shuningdek, “Kaplanbek”, “Tajen”, “Atameken” va “Kazigurt"dagi qator nazorat-o‘tkazish punktlarida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan bog‘liq”, — deyiladi Chegara xizmati xabarida.

Ikki davlat chegarasidagi “Jibek jo‘li — G‘ishtko‘prik” va “Kaplanbek — Navoiy” bojxona postlarida joriy yilning yozida qurib bitkazilishi kutilayotgan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida nazorat-o‘tkazish punktining sig‘imi uch barobarga ortadi.

Aprel oyidan boshlab Qozog‘iston O‘zbekistonga va qarama-qarshi yo‘nalishda yuk tashish uchun ruxsatnomalarni elektron tizim orqali berishni yo‘lga qo‘ymoqchi.