Iqtisodiyot va moliya vazirligining Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Mustafoyev elektr va gaz tariflari oshishiga izoh berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” ma’lum qildi.

16-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda vazirlik vakili oxirgi marta aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yilning avgust oyida oshirilganini, 2021-yilda koronavirus, undan keyingi yillarda dunyodagi geosiyosiy ziddiyatlar sabab iqtisodiy va moliyaviy noaniqliklar kuchayib borganini qayd etdi.

“Aholimizning daromadlari ko‘payib, to‘lov qobiliyatining yaxshilanishiga sharoit yaratib berildi. Lekin shu davrning o‘zida inflyatsiya darajasi 66%ga oshdi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning 1-mayidan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqib kerak bo‘lyapti”, — dedi Xurshid Mustafoyev.

Uning ta’kidlashicha, hozirda elektr energiyasining tannarxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘m, gazniki esa 1 kubometr uchun 2000 so‘m atrofida shakllangan. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan, investitsiya loyihalari va kredit to‘lovlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, aholi uchun o‘zgartirilayotgan tariflardan kelib chiqib, qat’iy ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari belgilanmoqda. Bunda bazaviy me’yor joriy etilib, har bitta xonadon ishlatishiga qarab to‘lovni amalga oshiradi.

Elektr energiyasi uchun bazaviy me’yor oyiga — 200 kVt/soatgacha, gaz uchun martdan oktabrgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa martdan sentabrgacha — 100 kub metrgacha, isitish mavsumida: noyabrdan fevralgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida esa martdan sentabrgacha — 500 kub metrgachani tashkil etadi.

“Bunda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat budjetidan qariyb 1 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘larning aniq manbalari bor, o‘z muddatida hech qanaqa kechikishlarsiz ajratib boriladi”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishini ma’lum qildi. Isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi.

Joriy yilning 1-mayidan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshiriladi. Shuningdek, 2025-yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari uchun bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar belgilanmoqda.