SIM-kartani eSIM texnologiyasiga o‘zgartirish xizmati ishga tushdi.

Endilikda “Uztelecom” mobil tarmog‘idagi SIM-kartani eSIMga almashtirish uchun Yagona portal orqali onlayn ariza jo‘natish mumkin.

Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmat narxi — 20 ming so‘m.

Buning uchun portaldan “Uztelecom mobil aloqa tarmog‘ida SIM kartani eSIM texnologiyasiga o‘zgartirish” xizmati tanlanadi.

“Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosilgach, eSIM texnologiyasiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mobil telefon raqamni yozib, tasdiqlash kerak.

Undan keyin to‘lovni amalga oshirishga rozilikni belgilab, arizani yuborish mumkin. Murojaatlar bir ish kuni davomida “Uztelecom” aloqa operatori tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Agar ko‘rsatilgan raqam balansida yetarli mablag‘ bo‘lsa, mobil raqam eSIM texnologiyasiga o‘zgartiriladi.

Yangi raqamni faollashtirish uchun QR-kod taqdim etiladi. Xizmatdan havola orqali foydanalish mumkin.


Avvalroq Yagona portalda IT-o‘quv markazlari uchun subsidiya ajratish xizmati ishga tushgandi. Shuningdek, IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘lar to‘liq qoplab berila boshlandi. Buning uchun ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lish kerak.