Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida xorijiy davlatlariga ishga yuborishini va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departament hamda DXXning Samarqand tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.R., Z.M. va A.S. fuqaro H.Sh.ni $18 ming evaziga Isroilga ishga yuborishni va’da qilib, shundan $2 mingni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro A.K. jami $35 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan. U 4 nafar fuqaroni Turkiya orqali Nikaraguaga ishga yuborishini va’da qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkentda xorijga ishga yuborishni va’da qilib firibgarlik qilgan “K-O‘.” MChJga qarashli o‘quv markazi xodimi aniqlangandi. U fuqaroni Koreyaga borish uchun o‘tkaziladigan Koreys tili imtihonidan tanishlari orqali o‘tkazib berish evaziga $10 mingni olganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mart oyida poytaxtda fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar aniqlangandi. U Turkiya, Meksika va Nikaragua orqali Amerikaga yuborish evaziga $16 ming talab qilgan va $9 mingni olgan vaqtida ushlangan.