Joriy yil boshidan 10-maygacha Qozog‘istonga qariyb 1,6 mln nafar o‘zbekistonlik kelgan va tashrif buyuruvchilar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Bu haqda “Tengrinews.kz” nashri mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga tayanib xabar bermoqda.

Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (1 mln 15 ming 553 kishi), Rossiya (854 ming 937 kishi) turibdi. Kuchli beshlikni Tojikiston (332 ming 177 kishi) va Belarus (47 ming 342 kishi) yakunladi.

Shuningdek mamlakatga Ozarbayjon (30 ming 550 kishi), Turkmaniston (9 ming 671 kishi), Ukraina (9 ming 18 kishi), Armaniston (5 ming 194 kishi) hamda Moldovadan (3 ming 59 kishi) tashrif buyurishgan.

Ta’kidlanishicha, 2023-yilning shu davriga nisbatan mamlakatga kelishlar soni o‘rtacha 6,5%ga oshgan.


Avvalroq “Spot” uch oyda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 1,5 mlndan oshgani haqida yozgandi.

Eng ko‘p sayyohlar oqimi 536,5 ming nafar bilan Tojikistonga to‘g‘ri keladi.

Undan keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (442 ming nafar) hamda Qozog‘iston (262,6 ming nafar) turibdi.

Birinchi chorakda Rossiyadan tashrif buyuruvchilar soni 134,2 ming nafarni, Turkmaniston — 31 ming nafar, Turkiya — 21,5 ming nafarni tashkil etgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaga tibbiy sayyohlar soni bo‘yicha yetakchiga aylangani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Tatariston davolanish uchun kelgan chet el fuqarolari uchun eng yaxshi 5ta hududga kirdi.