Avvalroq bozor islohotlarini tezlashtirish va O‘zbekiston milliy qonunchiligini JST bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa idoralar bilan etil spirti importi operatsiyalarini JST bitimlari qoidalari asosida tartibga solish yuzasidan 2024-yilning 1-sentabrigacha hukumatga takliflar kiritadi.

Milliy qonunchilikni JSTning Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 1-oktabrgacha:

  • ISSV IMV hamda boshqa idoralar bilan eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, AOS, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yildan bekor qilishni, JST qoidalari bilan ta’qiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralarini;
  • IMV, ISSV, Adliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bilan samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025-yildan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini hukmatga kiritadi.

O‘zbekiston hududiga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkalari 2026-yildan tamaki mahsulotlari uchun, 2027-yildan esa alkogol mahsulotlari va shakar uchun bosqichma-bosqich birxillashtiriladi.

Milliy qonunchilikni JSTning Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (TRIMs), jumladan, mahalliylashtirish yoki eksport qilish bo‘yicha majburiyatlarni qo‘llamaslik talablariga moslashtirish maqsadida 2024-yilning 1-avgustigacha quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Energetika vazirligi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, IMV hamda Adliya vazirligi bilan O‘zbekiston tomonidan imzolangan barcha mahsulot taqsimotiga oid bitimlarning to‘liq xatlovi;
  • ISSV Adliya, Energetika vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” hamda “O‘zavtosanoat” bilan hukumat tomonidan imzonlangan barcha investitsiya bitimlari xatlovini yakuniga yetkazish va aniq takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritish.

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini JSTning Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida 2025-yildan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanadi.

ISSV IMV hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan ayrim turdagi tovarlarni eksport qilishda undiriladigan yig‘imlarni qayta ko‘rib chiqib, 2024-yilning 1-avgustigacha tegishli takliflarni hukumatga kiritadi.

Bundan tashqari, Bojxona qo‘mitasi joriy yilning 1-avgustigacha bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini hukumatga kiritadi.

JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya 2024-yilning 1-avgustigacha savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni hukumatga kiritadi.

Import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022-yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini hukumatga kiritadi.

JSTning Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimi (SPS Agreement) talablaridan kelib chiqib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi markaziy apparatida 3ta shtat birligidan iborat sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha axborot markazi tashkil etiladi.

Axborot markaziga 2ta shtat birligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining bittadan shtat birligini maqbullashtirish hisobiga ajratilishi belgilanmoqda.

Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. 2025-yildan esa prezident va Hukumatning ayrim hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Xo‘jayev va Jamshid Qo‘chqorov mazkur farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi. Har oy yakunida amalga oshirilayotgan ishlar JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilib boriladi.

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.

ITIMning ta’kidlashicha, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, savdo xarajatlarini kamaytiradi va aholi farovonligini oshiradi.

Fevral oyida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan tegishli qonun bilan mamlakatning 5ta qonuni JST bitimlariga uyg‘unlashirilgandi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.