Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan uchuta hududda soliq xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qashqadaryo viloyati o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tuman soliq inspeksiyasining sayyor soliq tekshiruvlari sho‘basi bosh inspektori qo‘lga olindi.

Mahalliy 5ta kompaniya faoliyati yuzasidan joriy yilning sentabrigacha kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik evaziga $2300 olgan.

Shuningdek, u ushbu pul mablag‘ini viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari sho‘basi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ham $2300ni olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman soliq inspeksiyasi katta inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman markazidagi “Ho‘jai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkordan 8 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

U joriy yilning oxirigacha aylanma soliq to‘lovchisi toifasidan, har oyda 2,42 mln so‘m to‘laydigan qat’iy turdagi soliq to‘lovchisi toifasiga o‘tkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan bo‘ladigan tekshiruvlardan himoya etish hamda tadbirkor faoliyatiga rahnamolik etishni va’da qilgan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik, faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga $600 olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur noqonuniy ishga tuman soliq inspeksiyasi sho‘ba boshlig‘ining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani soliq inspeksiyasi kameral nazorat sho‘basining sobiq boshlig‘i $5 ming olgan vaqtida ushlandi.

U tadbirkorni MChJ faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida aniqlangan 267,3 mln so‘m QQS va 664,7 mln so‘m sof foyda solig‘ini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berishga ishontirgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq markirovkasiz mahsulotlarni sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda tadbirkorlarga nisbatan choralar ko‘rilishi haqida xabar berilgandi.