Fuqaro kartasidan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrida yashovchi 28 yoshli ayol N.A. bank kartasidan jami 110 mln so‘m miqdoridagi puli o‘g‘irlangani yuzasidan IIOga murojaat qildi. Mazkur mablag‘lar noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi X.R. sodir etganligi aniqlangan.

Unga ko‘ra, X.R., jabrlanuvchi N.A.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini “Click” xizmati xodimi sifatida tanishtirgan. Uning kartasiga kiberhujum bo‘layotganligini aytib, “SMS” xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritgan hamda 110 mln so‘mini o‘tkazib olgan.

Mazkur holat yuzasidan X.R.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Qoraqalpog‘istonda yashovchi fuqaro Toshkentda yashovchi fuqaroning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, 50 mln so‘m pullarini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq internetda Alisher Usmonov nomidan yana soxta xabarlar tarqatilgandi. Ularda tadbirkor nomidan foydalanuvchilarga tez fursatda daromad olishlari mumkinligi aytilmoqda.