Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida shahar uchta strategik hudud — konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonasiga, beshta funksional hududga ajratilganini qayd etdi. Shahar karkasidan foydalanilgan holda, uning piyodalar uchun qulay bo‘lishi belgilandi.

Prezident qo‘shimcha mutaxassislarni jalb qilish, mavjud maktabni kengaytirish orqali OTMlarda shaharsozlik ustaxonalarini tashkil etishni topshirdi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtning bosh rejasi mavjud emasligi aholini bezovta qilib kelayotgan muammolardan biri ekanligini qayd etdi. Qurilish vazirligi boshchiligidagi ishchi guruh xorijlik mutaxassislar ishtirokida ikki yildan ortiq vaqt davomida Toshkent shahrining 3 ming gektar hududini to‘liq o‘rganib chiqdi.

Umurzoqov davlat rahbari shahar talabi asosida har bir tumanning bosh rejasini ishlab chiqish taklifini berganini qayd etdi. Bosh reja asosida tuman “bugun, kelasi yil, 5 va 10 yildan keyin qanday qiyofaga ega bo‘lishi” belgilanadi.

Poytaxt hokimining ta’kidlashicha, bu qoidalarga amal qilish uchun yetarli mutaxassislarni tayyorlash kerak. Prezident Toshkentda ishlayotgan arxitektorlar, loyihachilar hamda hokimlarning xorij tajribasini o‘rganishlari kerakligini ta’kidlagan.

Uzoq muddatli mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, hokimlik qoshida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan Toshkent shahar Shaharsozlik institutini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

“Fuqarolarni qiynab kelayotgan eng katta muammo bu yo‘llardagi tirbandlikdir. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Transport vazirligi va shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahar Yo‘llarni boshqarish departamenti tashkil etilmoqda. Bu bosh reja asosida va mavjud muammolarni yechish uchun doimiy ishlaydigan departament bo‘ladi. Unga bir qator vakolatlar beriladi va ularni moliyalashtirish manbalari o‘zini-o‘zi bemalol ta’minlovchi mexanizm bo‘ladi”, — dedi hokim.

Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida avtomobillarni diagnostika qilish markazi ishga tushirildi. Markaz avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdorini aniqlab, ularga ekologik stikerlar beradi.

Avvalroq Toshkentning olti tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.