Prezident farmoni bilan Abror Mirzo Olimov Markaziy banki raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda regulyator matbuot xizamti xabar berdi.

Unga xalqaro hamkorlik, valyutani tartibga solish, xalqaro zahiralarni boshqarish, qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash, moliya-iqtisodni yuritish, amaliyot faoliyatiga rahbarlik vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, Abror Mirzo Olimov Respublika Valyuta birjasi ishini muvofiqlashtiradi.

Tayinlovgacha u Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan.

Abror Mirzo Olimov 1988-yilda tug‘ilgan. 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr, 2012-yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2020-yilda Yaponiyaning Xitotsubashi universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. Bank tizimida 10-yillik ish tajribasiga ega.

Sentabr oyida Markaziy banki raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

U 2019-yildan buyon Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. Bank sohasida 12 yillik tajribaga ega.

Avvalroq Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinlangandi. Mazkur vazirlikni boshqargan Bekzod Musayev esa Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar bo‘ldi.