1-dekabrdan O‘zbekistonda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur chora suv ta’minoti sohasida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya holatlariga qarshi kurashishga qaratilgan.

Endilikda mazkur sanadan boshlab nazoratchilar va suv ta’minoti xodimlari orqali naqd pul bilan to‘lov qabul qilinmaydi.

Fuqarolar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan to‘lov usullarini tanlashlari mumkin:

  • “O‘zsuvta'minot” saytida shaxsiy kabinet;
  • Telegram-bot;
  • elektron to‘lov xizmatlari (Click, Paynet, Alif Mobi, Payme, Oson, Uzum Bank);
  • infokioskalar, tijorat banklarining kassalari, pochta bo‘limlari.

Xabarda ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda sohada korrupsiya holatlari aniqlangan. Masalan, Sirdaryo viloyatidagi inspektor 36 nafar jismoniy va yuridik shaxsning ishonchiga kirib, davlat kompaniyasi va fuqarolarning hisob raqamlariga o‘tkazmasdan 52 mln so‘mni o‘zlashtirib olgan.

Bundan tashqari, “Xorazm suv ta’minoti” kompaniyasining 5ta tuman filiallari mas’ullari tomonidan iste’molchilar tomonidan to‘langan 380 mln so‘m mablag‘lar bank hisob raqamlariga o‘tkazilmasdan o‘zlashtirilgani aniqlangan. Ikkala holat bo‘yicha ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Avvalroq “Spot” suv iste’moli va hisobini yuritishning yagona tizimi ishga tushirilishi haqisda yozgandi.

Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum budjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash topshirildi.