Elektr energiyasi uchun qarzdorlik bo‘lganda korxonalarni elektr tarmog‘idan uzishni to‘xtatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning 27-dekabrdagi farmonida aytilgan.

Hujjatda binolarni yoritish uchun elektr energiyasini behuda sarflash bo‘yicha moliyaviy va ma’muriy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish vazifasi berilgan. Bunda xo‘jasizlarcha foydalanish tushunchasi va tadbirkorlik subyektlarining faoliyat turlari inobatga olinishi lozim.

Shuningdek, farmonda elektr energiyasi uchun qarzdorlarni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish o‘rniga qarzdorlikni qismlarga (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash imkoniyatini nazarda tutish taklif etilmoqda.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Biznes-ombudsman hamda Savdo-sanoat palatasi mas’ul etib tayinlandi. Qonun loyihasini kiritish muddati 2025-yilning mart oyiga belgilandi.

Energiya resurslarini tejash bo‘yicha reydlar

Dekabr oyi boshida Toshkentdagi korxonalarda energiya resurslarini isrof qilishga qarshi reydlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida kunduz kuni binolarni yoki reklama konstruksiyalarini zaruratsiz yoritib turgan obyektlar aniqlandi.

Ikki kunlik tekshiruvlar davomida 264 ta ma’muriy bayonnoma tuzildi. Tadbirkorlar hujjatlarni imzolashni rad etgan taqdirda, ularning obyektlari elektr tarmog‘idan uzilishi va’da qilingan. Shuningdek, qoidabuzarlar BHMning 15 baravarigacha (5,55 mln so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.

Mirobod tumani prokuraturasi mas’ul kotibining aytishicha, reydlarning asosiy maqsadi “elektr energiyasini barqaror yetkazib berish va undan nooqilona foydalanishning oldini olish” hisoblanadi.

“Giotto” tarmog‘i asoschisi Kamol Kaya “Spot"ga Yakkasaroy tumanidagi o‘z muassasasini tekshirish natijasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 100-moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzilgani haqida gapirib berdi.

Bundan tashqari, “O‘zenergoinspeksiya” respublikaning har bir hududida elektr energiyasini tejash bo‘yicha kechki reydlar o‘tkazadi. Sovuqlik fonida idora biznesdan energiyadan “imkon qadar tejamkorlik bilan” foydalanishni so‘radi.

O‘zbekistonda kun davomida 30 ming holatda elektr energiyasini isrof qilish holatlari aniqlandi. Qariyb 3 ming mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, ularning ishlari sudga topshirildi.


Avvalroq “Spot” HET Yangi yil bayrami kunlari elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishi haqida yozgandi.