O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida domen nomlarini sotish bo‘yicha dastlabki bitimlar tuzildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, o‘tgan davrda domain.uzex.uz elektron savdo platformasida 34,1 mln so‘mlik 51 ta domen nomlari sotildi. Natijada domen nomlarining sotuv narxi ularning boshlang‘ich bahosiga nisbatan o‘rtacha 79,4% ga o‘sgan.

“Premium” toifasidagi domen nomlari sun’iy intellektdan foydalanilgan holda birja orqali sotiladi. Sun’iy intellekt auksion ishtirokchilariga eng yaxshi variantlarni taklif qilish maqsadida domenlar bo‘yicha kalit so‘zlarning ommalashganligi, tendensiyalar va ularning dolzarbligi kabi omillarni tahlil qiladi.

Foydalanilmayotgan domen nomlari birjaning domain.uzex.uz elektron savdo tizimi savdolariga “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan qo‘yib kelinmoqda.

Respublika tovar-xom ashyo birjasining mazkur savdo platformasi o‘tgan yilning 14-dekabrida ishga tushirilgan. Aprel oyida birja “Uzinfocom” bilan bu bo‘yicha memorandum imzolagandi. Domen savdosini yo‘lga qo‘yish uchun veb-sayt va tender mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirildi.