Sloveniya parlamenti deputati Branko Grims Ilon Maskni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda “RBC” nashri xabar berdi.
Deputat Mask nomzodini ilgari surishda u bilan hamkorlik qilganlarga minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, Norvegiya Nobel institutidan nomzodlik taklifi qabul qilingani ko‘rsatilgan elektron xatni taqdim etdi.
“Bugun Ilon Maskni 2025-yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatish haqida rasmiy taklif kiritildi. Uning nomzodi insonning so‘z erkinligiga, binobarin, tinchlikka bo‘lgan asosiy huquqini izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotganining e’tirofi sifatida ilgari surildi,” — deb ta’kidlanadi maktubda.
Biroq Ilon Mask Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilganidan keyin unga hech qanday mukofot kerak emasligini aytdi.
“Men hech qanday mukofotni xohlamayman,” — deb yozdi Mask o‘zining “X” ijtimoiy tamrog‘idagi sahifasida.
2024-yilda Norvegiya parlamenti deputati Marius Nilsen amerikalik milliarder va ixtirochi Ilon Maskni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgandi.
Mask tomonidan asos solingan yoki boshqariladigan ko‘plab texnologiya kompaniyalari jamiyatni rivojlantirish, Yer va koinot haqidagi bilimlarni kengaytirish va global aloqalarni ta’minlashga qaratilgan, deya ta’kidlagan edi Nilsen.
Deputat Mask nomzodligini uning “muloqot, so‘z erkinligi va o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatini qat’iy himoya qilgani” uchun ilgari surganini qayd etgandi.
Avvalroq “Spot” Ilon Mask “Twitter” aksiyadorlarini $150 mlndan ko‘proq mablag‘ga aldaganlikda ayblangani haqida yozgandi.
Ta’kidlanishicha, milliarder 2022-yilda ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha bitimni tayyorlayotganda kompaniyadagi o‘sib borayotgan ulushi haqidagi ma’lumotni o‘z vaqtida oshkor qilmagan.