Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov chet el fuqarolari uchun transchegaraviy pul o‘tkazmalari uchun davlat bojini joriy etish zarurligini aytdi. Bu haqda u o‘zining saytida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan umumiy $16 mlrddan ortiq mablag‘ni yuborgan.
“Migrantlarning aksariyati Rossiyada hech qanday soliq to‘lamaydi, mehnat muhojirlari esa davlatning to‘liq e’tiborsizligi tufayli mamlakatdan katta miqdordagi mablag‘larni olib chiqib ketmoqda”, deydi u.
“Agar 3%lik boj joriy etilganda, birgina Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari g‘aznaga 45 mlrd rubldan ortiq mablag‘ qo‘shgan bo‘lardi. Nahotki bizga shunday pul kerak emas? Qonunchilik tashabbusini tayyorlab, uni Davlat dumasiga kiritamiz,” dedi parlament a’zosi.
Mironovning ta’kidlashicha, 2021-yilda Rossiya hukumatida pul o‘tkazmalari uchun qo‘shimcha komissiya masalasi muhokama qilingan, biroq Moliya vazirligi bu ishni cho‘zib yuborgan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, chet ellik muhojirlar Rossiya fuqarolariga nisbatan ko‘proq daromad topishni boshlamoqdalar. “Migrant Servis” platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda muhojirlarning o‘rtacha daromadi 150 ming rublga yetgan.
Avvalroq “Spot” 2024-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 30%ga oshgani haqida yozgandi.
Ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan $3,4 mlrdga o‘sish bilan $14,8 mlrdni tashkil qildi. O‘tkazmalarning 77%i yoki $11,5 mlrdi Rossiyaga to‘g‘ri keladi.
Undan keyingi o‘rinlarda esa $795 mln bilan Qozog‘iston hamda $577 mln bilan AQSh turibdi.